Yangiliklar

Prezident administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamentida bir qator kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov administratsiya rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishlariga asoslanib xabar berdi.

Akramjon Fozilov prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Kommunikatsiyalar departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Aziza Qurbonova Kommunikatsiyalar departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimini egalladi. U avval prezident matbuot xizmatining Media markazi va OAV uchun kontent tayyorlash markazida faoliyat yuritgan. Shuningdek, televideniyeda ko‘p yillik tajribaga ega va “Mikrofon ko‘targan ayol” blogi muallifi hisoblanadi.

Xushnud Xudoyberdiyev departament rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2020-yil iyulidan buyon O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan. Bungacha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori bo‘lgan. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos, bloger va jamoat arbobi.

Shuningdek, Farrux Omonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Kommunikatsiyalar departamenti rahbari o‘rinbosari — prezidentning Xalq qabulxonasi rahbari lavozimidan ozod etildi. Uning yangi ish joyi hozircha ma’lum qilinmagan.