Xitoyda 500 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladigan ulkan robot namoyish etildi
Xitoyning NeodraDynamics Robotics kompaniyasi bo‘yi qariyb to‘rt metr bo‘lgan Neo1 odamsimon robotini taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, robot ikki qo‘li bilan jami 500 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi.
Neo1 JD Industrial kompaniyasi bilan hamkorlikda CIIF 2026 xalqaro sanoat ko‘rgazmasida namoyish etildi. Robotda yuqori kuch va harakat aniqligini ta’minlash uchun gidravlik mexanizmlar hamda elektr yuritmalar birlashtirilgan.
Robot 41 ta faol erkinlik darajasiga ega bo‘lib, bu unga turli yo‘nalishlarda murakkab harakatlarni bajarish imkonini beradi. Uning 39 ta bo‘g‘imida kompaniya ishlab chiqqan ixcham raqamli gidravlik yuritmalar, bilak qismidagi ikkita aylanuvchi bo‘g‘imida esa elektr yuritmalar qo‘llangan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, har bir gidravlik yuritmaning og‘irligi qariyb bir kilogramm bo‘lib, bir necha tonnalik kuch hosil qila oladi. Biroq robotning umumiy yuk ko‘tarish quvvati ikki qo‘l uchun jami 500 kilogrammni tashkil etadi.
Neo1 qayerlarda ishlatilishi mumkin?
Ishlab chiqaruvchi robotdan og‘ir uskunalarni yig‘ish, portlarda yuk tashish, yuqori haroratli muhitda ishlash, konchilik, suv ostidagi texnik ishlar va vayronalarni tozalashda foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Shuningdek, Neo1’ni atom sanoatida qo‘llash ham rejalashtirilmoqda. Kompaniyaga ko‘ra, radiatsiyaga chidamli gidravlik modullar robotdan yadro yoqilg‘isi bilan ishlash va uskunalarga xizmat ko‘rsatishda foydalanish imkonini berishi mumkin. Buning uchun robot tizimi tegishli xavfsizlik talablariga javob berishi tasdiqlanishi kerak.
Hozircha Neo1’ning sanab o‘tilgan sohalarda ishlatilishi reja darajasida. Robotning haqiqiy sanoat sharoitidagi chidamliligi, uzoq muddat ishlash imkoniyati va samaradorligi qo‘shimcha sinovlarda tekshirilishi lozim.
