Taʼlim va ilm-fan vaziriga oʻrinbosarlar tayinlandi
Taʼlim va ilm-fan vaziriga oʻrinbosarlar tayinlandi
Prezidentning tegishli qarori bilan Taʼlim va ilm-fan vazirligida qator kadrlar tayinlovlari amalga oshirildi.
Yo‘ldoshev Oybek Behzodovich taʼlim va ilm-fan vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
2018-yildan beri u “PwC Uzbekistan” kompaniyasining Davlat sektori, infratuzilma va ESG boʻyicha konsalting amaliyoti direktori sifatida ishlab kelayotgandi.
Yo‘ldoshev o‘zining professional faoliyatini 1998-yilda “Koskom” kompaniyasida boshlagan. 2003-yilda Buyuk Britaniyadagi Lids universiteti Biznes maktabida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlab, Toshkentdagi Vestminster universitetida o‘qituvchi sifatida ish boshlagan. 2012-yilda Milanda iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Pardayeva Mehriniso Doniyorovna taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar u 2021-yildan buyon Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshligʻi sifatida faoliyat yuritgan.
Pardayeva pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” hamda 2012-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Shuningdek, Mirzaliyev Sanjar Mahamatjan oʻgʻli taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.
Tayinlovga qadar u 2026-yil may oyidan buyon Belarus—Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Mirzaliyev Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini bakalavr hamda doktorantura (PhD) bosqichlarini tamomlagan. U 2020-yil martidan 2022-yil sentyabrigacha Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va doktorantura bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
