Beeline egasi Perfectum’ni 207 mln dollarga sotib oladi
Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON xalqaro telekommunikatsiya guruhi Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda VEON’ning 19-oktabrdagi xabarida ma’lum qilindi.
Bitimning umumiy qiymati qariyb 207 mln dollarni tashkil etadi. Ushbu summaga Perfectum’ning 93 mln dollarga yaqin moliyaviy qarzlarini o‘z zimmasiga olish ham kiradi. Xarid VEON’ning mavjud mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bitim uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olingan. Xarid jarayonini 2026-yil oktabr oyi oxirigacha yakunlash kutilmoqda.
Perfectum aktivlari tarkibiga 850 va 3800 MGs diapazonlaridagi jami 115 MGs chastota resurslari, telekommunikatsiya uskunalari hamda Nokia texnologiyalari asosida qurilgan mustaqil 5G tarmog‘i kiradi.
Xarid Beeline uchun nimani o‘zgartiradi?
VEON hisob-kitoblariga ko‘ra, Perfectum sotib olinishi natijasida Beeline Uzbekistan’ning chastota resurslari qariyb 50 foizga ko‘payadi. Bu aloqa qamrovini kengaytirish, tarmoq sig‘imini oshirish va 5G xizmatlarini rivojlantirish imkonini berishi kutilmoqda.
Shuningdek, kompaniya uylar va biznes uchun simsiz internet xizmatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Perfectum aktivlarini Beeline tarmog‘iga integratsiya qilish orqali investitsiya va operatsion xarajatlarni optimallashtirish ham ko‘zda tutilgan.
