Ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam berish va gazsiz hududlarda elektr me’yorini oshirish taklif qilinmoqda
Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Unda bir martalik moddiy yordam, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiyalar, gazlashtirilmagan hududlar uchun imtiyozlar hamda suyultirilgan gaz uchun kompensatsiya nazarda tutilgan. Yordam manzilli bo‘ladi: u nafaqat Ijtimoiy reyestrdagi, balki reyestrga kirmagan, lekin daromadi belgilangan mezonlarga mos keladigan oilalarga ham beriladi.
1 mln so‘mlik bir martalik yordam
Noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam beriladi. Bu yordam 1 mln 17 ming xonadonni qamrab oladi. Yordamni Ijtimoiy reyestrdagi oilalar bilan birga, reyestrga kirmagan, lekin oilada jon boshiga oylik daromadi 1 430 ming so‘mdan, Toshkentda esa 2 145 ming so‘mdan oshmaydigan oilalar ham oladi. Yordam miqdori barcha uchun bir xil — 1 mln so‘m.
Toshkentda mezon yuqoriroq belgilanishiga sabab, markazlashgan isitishdan foydalanuvchilarning qariyb 60 foizi poytaxtda yashaydi va ularning qishki xarajati isitish xizmatiga bog‘liq. Bu imtiyoz emas, turli sharoitda yashayotgan aholiga adolatli yondashuvdir.
Reyestrga kirmagan oilalar ro‘yxatini “mahalla yettiligi” tuzadi, “Inson” markazlari esa uni elektron tekshiradi. Mablag‘ ijtimoiy kartalarga o‘tkaziladi.
Kompensatsiya oluvchilar ko‘payadi
Elektr va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya olish uchun daromad mezonini MIXning 1,5 baravaridan 2 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda. Natijada qo‘shimcha 166 ming oila qamrab olinadi. Kompensatsiya muddati esa 2028-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi, bu 470 ming oilaga tegishli.
Ko‘mir xaridi uchun yordam hamda “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali beriladigan kommunal qarzni yopish uchun yordam ham daromadi 2 MIXgacha bo‘lgan oilalarga beriladi.
Gazsiz hududlarda elektr me’yori oshadi
1-noyabrdan gazlashtirilmagan va gaz yetib borishi qiyin hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yorini 200 dan 350 kVt·soatgacha oshirish taklif etilmoqda. Qo‘shimcha 150 kVt·soat 900 so‘m o‘rniga 650 so‘mdan hisoblanadi. 1,5 mln dan ortiq xonadon oyiga o‘rtacha 27,5 ming so‘m tejaydi.
Suyultirilgan gaz uchun kompensatsiya
Ehtiyojmand oilalarga oyiga 20 kg gacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 000 so‘m kompensatsiya to‘lanadi. Buning uchun 158 mlrd so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, “og‘ir” toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarning 3 ming xonadonini energiya tejamkor qilish ishlari davom ettiriladi, buning uchun 240 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Tariflar
Shu bilan birga, 1-noyabrdan isitish va issiq suv tariflarini aholi uchun 30 foizga oshirish taklif etilmoqda. Maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxi esa 1 kg uchun 2 000 so‘mdan 5 000 so‘mga oshirilishi mumkin. Ehtiyojmand oilalar uchun narx me’yor doirasida 2 000 so‘mligicha qoladi.
