O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Yevropaga ishga taklif qilinmoqda. Maosh — 2200 yevrogacha
O‘zbekiston Migratsiya agentligi Slovakiyaning Penta Hospitals International kompaniyasi bilan hamkorlikda shifokorlar, oliy ma’lumotli hamshiralar va tibbiyot og‘alarini Yevropa davlatlariga ishga taklif qilmoqda. Bu haqda agentlik ma’lum qildi.
Loyiha doirasida tibbiyot xodimlariga Chexiya, Slovakiya va Polshada ishlash imkoniyati taqdim etiladi. Shifokorlarga oyiga 2200 yevro, hamshiralar va tibbiyot og‘alariga esa 1800 yevrodan boshlanadigan ish haqi taklif qilinmoqda.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan?
Loyihada rus tilida erkin muloqot qila oladigan shifokorlar, shuningdek, so‘nggi ikki yil ichida tibbiyot oliy ta’lim muassasasining hamshiralik yo‘nalishini tamomlagan mutaxassislar ishtirok etishi mumkin.
Saralangan nomzodlar Migratsiya agentligining “Intil” xalqaro markazida uch oy davomida chex, slovak yoki polyak tillarini o‘rganadi.
Til kurslari va turar joy xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi. Bundan tashqari, nomzodlarga viza hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
O‘quv jarayonlari 2026-yil noyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Viza rasmiylashtirish ishlari til kurslari bilan bir vaqtda olib boriladi.
Ishlash istagidagi tibbiyot xodimlari Migratsiya agentligi taqdim etgan ro‘yxatdan o‘tish havolasi orqali ariza topshirishi mumkin.
