Yangiliklar

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kunini birgalikda nishonlash ko‘rib chiqilmoqda

O‘zbekistonda Tibbiyot xodimlari kunini Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni deb qayta nomlash rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-oktabr kuni tegishli qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hujjatda amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan. Bayram sanasi o‘zgarmaydi — u har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadi.

Qonun loyihasini taqdim etgan deputat Baxtiyor Ortiqovning aytishicha, o‘zgarish farmatsevtika xodimlarining jamiyatdagi mavqeini oshirish va ularning mehnatini e’tirof etishga qaratilgan.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 50 mingdan ortiq farmatsevtika mutaxassisi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda 504 ta farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona, 478 ta distribyutor tashkilot va 14 mingdan ziyod dorixona mavjud.

Nega farmatsevtlar uchun alohida bayram belgilanmayapti?

Qonun loyihasi muhokamasida deputat Zafar Xudoyberdiyev farmatsevtika xodimlari uchun alohida kasb bayrami belgilash imkoniyatiga qiziqdi. U xalqaro tajribada 25-sentabr farmatsevtlar kuni sifatida nishonlanishini eslatdi.

Baxtiyor Ortiqov bunga javoban, amaldagi qonunchilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tushunchalari birgalikda qo‘llanilishini, shu sababli umumiy bayram kuni taklif etilganini bildirdi.

Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ham ikki soha o‘zaro bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, u xalqaro tajribadan farqli yondashuv tanlanayotganiga aniq izoh berish zarurligini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etmaydi.

Hujjat Qonunchilik palatasida ma’qullanib, Senatga yuborildi. O‘zgartirishlar hozircha kuchga kirgani yo‘q.